Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan joriy yilning yanvar oyi toʻlov roʻyxatlariga kiritilgan 4,4 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilar uchun talab etilgan mablagʻlar 5-yanvar kuniga qadar tijorat banklariga toʻliq moliyalashtirilib berildi.
Oʻz navbatida 5-yanvar holatiga 2,6 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilarga talab etilgan mablagʻlarning 61 foizi fuqarolarga toʻlab berilishi taʼminlandi.
Jumladan,
- naqd pulsiz shaklda (bank kartalari) pensiya va nafaqa oluvchi 2,4 mln nafar fuqarolarga pensiya va nafaqa pullari ularning bank plastik kartalariga toʻliq yuklab berildi;
- naqd shaklda pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning 183 ming nafariga yoki joriy oyda toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarning 10 foizi Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan fuqarolarga yetkazib berildi.
Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq pensiya va nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchilarga joriy oy toʻlovlari tasdiqlangan grafiklarga asosan Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib berilishini maʼlum qilamiz, deb xabar beradi Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati.