Mamlakat fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy koʻrsatkichlarning demografik koʻrsatkichlar bilan mutanosib ravishda oʻsib borishini taʼminlash uchun har oʻn yilda kamida bir marotaba aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan soʻng keng koʻlamda aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor 2023-yilda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan aholini roʻyxatga olish tadbiriga ayni paytda qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Aholini roʻyxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qatʼi nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining soni (2021-yil 1-yanvar holatiga respublika aholisi 34 558,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati yaʼni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning taʼlim darajasi (oʻrta, oʻrta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xoʻjalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha koʻrsatkichlar boʻyicha bugungi kunda yetarlicha mavjud boʻlmagan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi.
Nega 10 yilda bir marta?
Dunyo boʻylab ming yillar davomida oʻtkazib kelinayotgan aholini roʻyxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800-yillarda bobilliklar tomonidan oʻtkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda oʻtkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gretsiya va Yunoniston davlatlarida esa aholini roʻyxatga olish tadbirlari soliq toʻlovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida oʻtkazilgan. Shuningdek, shaharlardagi yerlar va xoʻjaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud boʻlgan.
Aholini muntazam roʻyxatga olish tarixi 1790-yilga borib taqaladi. Oʻshanda AQSHda, 1801-yilda esa bir vaqtning oʻzida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar oʻtkazilgan. Biroq ular hali mukammal boʻlmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bogʻliq boʻlmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.
1846-yilda yirik statistik olim Adolf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belgiyada oʻtkazilgan roʻyxatga olish birinchi chinakam ilmiy roʻyxatga olish deya eʼtirof etiladi. Uning oʻziga xosligi shundaki, roʻyxatga olish muddati bir kunlik boʻlib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur roʻyxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning koʻplab davlatlari foydalangan. 1870-1879-yillarda dunyo boʻyicha atigi 48 ta davlatda aholini roʻyxatga olish oʻtkazilgan boʻlsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar oʻz aholisini roʻyxatga olishga kirishdi.
Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba oʻz aholisini roʻyxatga olishga daʼvat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba oʻtkaziladi. Xoʻsh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli oʻzgarishlar roʻy beradi. Avvalgi roʻyxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, soʻrovnomalar mazmuniga tuzatishlar, maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda oʻzgartirishlar kiritish talab etiladi.
2015-yilda BMTning “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilinib, 2020-yil raundiga start berilgan edi. Bu raund 2015-yildan 2025-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston ham oʻz aholisini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari boʻyicha 228 chi boʻlib BMT tomonidan roʻyxatga olindi. Biroq koronavirus pandemiyasining dunyo boʻylab keng tarqalishi koʻplab holatlar singari aholini roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlariga ham oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi. Aksariyat mamlakatlarda bu tadbirlarning muddati oʻzgartirildi.
Yurtimizda ham 2022-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan aholini roʻyxatga olish tadbiri 2023-yilning 1-25-noyabr kunlariga koʻchirildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan mustahkamlandi. Shuningdek, mazkur qaror bilan 2021-yilning 1-25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida aholini sinov tariqasida roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish belgilandi.
Fuqarolarda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga taʼsir etish imkoniyati vujudga keladi
Aholini roʻyxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning oʻzi uchun zarur boʻlib, u vaqti-vaqti bilan oʻz-oʻzini koʻzguda koʻrish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Roʻyxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro oʻzi haqidagi maʼlumotlarni taqdim eta turib, oʻzlari mansub boʻlgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Misol uchun, ishsizlarning soʻrovnomadagi javoblari mehnat bozorini oʻrganish va aynan kerakli joyda yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qoʻl keladi. Yosh haqidagi maʼlumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya toʻlovlari uchun zarur boʻladigan mablagʻlarni jamgʻarib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari yoki oliy taʼlimga qabul qilinadigan yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yoʻllar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan taʼminlashni rejalashtirish uchun zarur.
Mamlakatimizda sinov tariqasida joriy yildan boshlangan aholini roʻyxatga olish tadbirlari 2023-yilda oʻtkaziladigan roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrishning muhim bosqichi hisoblanadi. Mazkur amaliyot uslubiy, texnik va tashkiliy masalalarni qayta koʻrib chiqish imkonini bergani bois, unda qancha koʻp respondentlar (aholi) qatnashsa, shuncha koʻp kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga sharoit tugʻiladi va respublika darajasida boʻladigan aholini roʻyxatga olish tadbirining sifatli va samarali oʻtkazilishi taʼminlanadi.
Mazkur ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida joylarda maxsus guruhlar tashkil etilgan boʻlib, jarayonlar aniq va tizimli yoʻlga qoʻyiladi. Roʻyxatga oluvchilar ishini muvofiqlashtirish uchun har bir instruktorlik uchastkasida 1 nafar instruktor va 1 nafar statsionar roʻyxatga oluvchi faoliyat yuritadi. Ularning ishini roʻyxatga olish uchastkasi xodimlari nazorat qiladi.
Yashab turgan xonadonida (joyida) roʻyxatdan oʻtishni istamagan respondentlar instruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi statsionar roʻyxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, roʻyxatdan oʻtishlari mumkin boʻladi. Tuman va shahar miqyosida aholini roʻyxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini roʻyxatga olish boʻlimlari tashkil etiladi. Jarayon yakuniga yetkazilgandan soʻng hududiy statistika boshqarmalari qoshida Aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etiladi.
Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat oʻzimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni toʻplashga erishamiz. Aholini roʻyxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qoʻllaniladi. Keyingi oʻn yillikka moʻljallangan oilalarni qoʻllab-qoʻvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bogʻchalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.
Roʻyxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi maʼlumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ragʻbatlantirishga yoʻl ochadi. Biznes vakillari roʻyxatga olish maʼlumotlari orqali mehnat hamda isteʼmol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, aholi toʻgʻrisida toʻplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yana-da taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.
Mahmudjon ZIYODULLAYEV,
Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari,
yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori