2023-yilda Oʻzbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalarni yana bir bor oshirish rejalashtirilgan

    Mamlakatimizda 1 Aprel 2023 6732

    Joriy yil uchun tasdiqlangan Davlat byudjeti parametrlarida pensiyalarni 1-iyundan 12 foizga, ish haqini esa 1-oktyabrdan 10 foizga oshirish uchun 6,7 trln soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekistonda ish haqi va pensiyalarni 2023-yilda yana oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxoʻjayev maʼlum qildi.

    Uning soʻzlariga koʻra, joriy yil uchun tasdiqlangan Davlat byudjeti parametrlarida pensiyalarni 1-iyundan 12 foizga, ish haqini esa 1-oktyabrdan 10 foizga oshirish uchun 6,7 trln soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

    Jahon bozorida oltin va misning prognozga nisbatan qimmatlashgani (4,5 trln soʻm qoʻshimcha daromad kutilmoqda) va bojxona tushumlarining oʻsishi (qoʻshimcha 3 trln soʻm) munosabati bilan ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini bir emas, balki ikki marta oshirishga qaror qilingan.

    Birinchi oʻsish haqida allaqachon xabar qilingan: 1-apreldan pensiya va nafaqalar oʻrtacha 7 foizga, 1-maydan esa byudjet sohasi xodimlarining ish haqi (davlat byudjetining qoʻshimcha xarajatlari 2,2 trln soʻmni tashkil etadi) oshadi.

    Ikkinchi oʻsish 1sentyabrdan rejalashtirilgan — davlat sektori xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar yana 10 foizga (qoʻshimcha 5,6 trln soʻm) oshishi kerak.

    2023-yilda ish haqi va pensiyalarning ikki baravar oshishi hisobiga umumiy oʻsish oʻrtacha 17,7 foizni tashkil etadi (ilgari 10−12 foizni tashkil etish rejalashtirilgan edi). Natijada, ish haqini indeksatsiya qilish prognoz qilingan inflyatsiya darajasidan (10% doirasida) yuqori boʻladi.

    Avvalroq oʻsish 6,5 mln fuqaroga — 4,4 mln nafaqaxoʻr va 2,1 mln davlat sektori xodimlariga taʼsir etishi haqida yozgan edik.

    “Buning natijasida, masalan, Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidagi 30-maktab oʻqituvchisining maoshi may oyida 4,2 mln soʻmdan 4,5 mln soʻmga, sentyabr oyidan 4,9 mln soʻmga oshadi. Buxoro viloyati Kogon tumani tibbiyot birlashmasi laboratoriya vrachining maoshi esa 3 mln soʻmdan 3,2 mln soʻmgacha, sentyabrdan boshlab esa 3,6 mln soʻmgacha etib belgilandi”, — deya misollar bilan tushuntirdi Umid Obidxoʻjayev.