Henley & Partners konsalting kompaniyasi tomonidan tuzilgan pasport indeksida Germaniya, Ispaniya va Italiya davlatlari ikkinchi oʻrinni egalladi.  18-iyul, seshanba kuni eʼlon qilingan xabarga koʻra, ushbu uch davlatning pasportlari 190 ta shtat va hududga vizasiz yoki soddalashtirilgan holda kirish imkonini beradi.

Singapur 2023-yilning uchinchi choragida peshqadamlikni qoʻlga kiritib, soʻnggi besh yil ichida mamlakat bu borada birinchi marta Yaponiyani ortda qoldirdi. Uchinchi oʻrindan yettita davlat - Avstriya, Lyuksemburg, Finlyandiya, Fransiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya va Yaponiya (189 ta vizasiz yoʻnalish) joy oldi.

Tuzilgan reyting natijalariga koʻra, Oʻzbekiston 78-oʻrinni egallagan. Respublika pasportiga ega boʻlganlar 59 ta davlatga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniga egaligi qayd etilgan. Reytingda bitta oʻringa birdan ortiq davlatlar toʻgʻri kelgan. Shu bois Oʻzbekistondan tashqari Burkina-Faso, Kot-dʼIvuar, Gabon, Mavritaniya, San-Tome va Prinsipi, Tojikiston ham 78 oʻrinni egallagan.

Aytib oʻtish lozimki, 2018-yildan boshlab pasport indeksi har chorakda yangilanadi. Mutaxassislar 200 dan ortiq mamlakat va hududlar uchun viza qoidalarini tahlil qiladi. Maʼlum bir mamlakatning reytingdagi oʻrni uning fuqarolari vizani oldindan rasmiylashtirmasdan yoki kelganida vizasiz kirishi mumkin boʻlgan davlatlar soni bilan belgilanadi.

Indeks Henley & Partners tomonidan 2006-yildan beri tuziladi. Konsalting hozirgi nomini 2018-yilda olgan.