2024-yil yakunlari boʻyicha Ochiqlik indeksi eʼlon qilindi

    Joriy yil baholashda oʻtgan yilga nisbatan “yashil” toifada baholangan davlat idoralari koʻlami 21 foizga koʻpayib, “qizil” toifadagilar 15 foizga (ijobiy oʻsish koʻrsatkichlari boʻyicha) kamaygan.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2024-yil yakunlari boʻyicha Ochiqlik indeksi eʼlon qilindi.

    Joriy yil baholashda oʻtgan yilga nisbatan “yashil” toifada baholangan davlat idoralari koʻlami 21 foizga koʻpayib, “qizil” toifadagilar 15 foizga (ijobiy oʻsish koʻrsatkichlari boʻyicha) kamaygan. Tahlillar koʻrsatishicha, bu yil reyting natijalari oʻrtacha 70 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 8 ballga oshgan.

    Eng yuqori samaradorlik koʻrsatkichlari “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (91 ball), Soliq qoʻmitasi (90 ball), “Oʻzavtosanoat” AJ (89 ball) va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (89 ball) tomonidan koʻrsatilgan.

    Eng yuqori ijobiy oʻsish “Uzbekistan Airvays” AJ (+42 ball), Transport nazorati inspeksiyasi (+46 ball), Sport vazirligi (+47 ball), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (+52 ball) tomonidan qayd etilgan.

    Maʼlumot oʻrnida: Indeks 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilib kelinmoqda. Bu yilgi baholashda jami 98 ta ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qoʻmita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi.

    Baholash natijalariga koʻra, 50 ta davlat organi “yashil” (2023-yilda 31 ta), 35 tasi “sariq” (43 ta) va 13 tasi “qizil” (29 ta) samaradorlik koʻrsatkichlarini qayd etdi.

    Yakuniy natijalar bilan https://index.aca.uz/rating orqali tanishish mumkin.