23-maydan 7-iyungacha Oʻzbekistonning 10 ta shahridan Madinaga parvozlar amalga oshiriladi. Bu yil Haj safariga eng koʻp ziyoratchilar Toshkentdan 24 ta reysda 5830 yoʻlovchi boradi. Namangandan 14 ta, Fargʻonadan 6 ta, Samarqanddan 4 ta, Buxoro, Qarshi va Termizdan 3 tadan, Urganch va Navoiydan 2 ta va 1 ta reys Nukusdan amalga oshiriladi. Oʻzbekistondan jami 15130 nafar ziyoratchi Haj ziyoratini ado etadi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi har yili ziyoratchilarning yaqinlariga terminal va uning atrofida tirbandlik holatini yuzaga keltirmaslik uchun ayeroportga kelmaslikni va oʻz yaqinlarini masjidlarda kuzatishlarini tavsiya qiladi.
Ziyoratchilar ayeroportga tartibli ravishda maxsus avtobuslarda yetib kelishadi, roʻyxatdan oʻtgach yetarlicha oʻrindiqlar oʻrnatilgan joʻnab ketish zonasiga yoʻl olishadi.
Samolyotga chiqishni kutish vaqtida ziyoratchilarga ichimlik va gazaklar taklif etiladi.