7-iyun — Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi kuni munosabati bilan oʻtkazilgan anjumanda oziq-ovqat xavfsizligi va yoz mavsumiga tayyorgarlik koʻrish borasida maʼlumot berildi.
Shuningdek, anjumnada 2024-yilning oʻtgan 1 choragida yuz bergan ovqatdan zaharlanish holatlari haqida ham toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlanishicha, birinchi chorakda ovqatdan zaharlanish boʻyicha yuz bergan 18 holatda 143 nafar fuqaro jabrlandi.
Vaziyat tahlil qilinganda zaharlanishlarning aksariyati uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlaridan kelib chiqqan. Keyingi oʻrinda esa kimyoviy moddalar va yovvoyi qoʻziqorin isteʼmol qilish turadi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha har yili xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish oqibatida 600 millionga yaqin kishi jabrlanadi. 420 ming kishi mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni isteʼmol qilishdan vafot etadi. Achinarlisi, ularning 125 ming nafarini 5 yoshgacha boʻlgan bolalardir.