Bu haqda AOKAda tashkil etilgan brifingda Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Zohid Shakarov test sinovlari yuzasidan maʼlumot berdi.

Zohid Shakarovning taʼkidlashicha, davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning tanlov bosqichi 27–10-avgust kunlari oʻtkazildi. Mazkur muddat davomida abituriyentlarga test sinovlarida toʻplagan balidan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlash imkoniyati berildi.

Tanlov natijalari belgilangan muddatda 17-avgust kuni eʼlon qilindi. Natijalarga asosan, 186 ming 871 nafar abituriyent bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga talabalikka tavsiya etildi. Shundan 41 ming 153 nafar abituriyent davlat granti asosida va 145 ming 718 nafar abituriyent toʻlov-kontrakt asosida talaba boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Talabalikka tavsiya etilganlarning 14 ming 230 nafarini imtiyozli qabul parametrlari doirasida qabul qilinganlar tashkil etadi.

Yakuniy tanlov natijalariga koʻra, davlat granti asosida oʻrtacha oʻtish bali – 121,7 ni, toʻlov-kontrakt asosida oʻrtacha oʻtish bali – 94,7 ni tashkil etdi. Talabalikka tavsiya etilganlarning 120 ming 845 nafarini joriy yil bitiruvchilari tashkil etadi.