Bugun, 18-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Senat yalpi majlisida “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni muhokama qilindi. Qonun yuzasidan bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼruza qildi.
2025-yilda byudjetdan ajratiladigan jami subsidiyalar miqdori 28,3 trillion soʻm boʻlishi kutilmoqda. Shundan qariyb 12,3 trillion soʻmi energetika sohasini qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi. Xususan, tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlaridagi tafovutni qoplashga 7 trillion soʻm, elektr energiyasidan koʻrilgan zararni soʻndirishga 500 milliard soʻm subsidiya beriladi.
Muhokamada senator Anvar Toʻychiyev nima uchun davlat byudjetidan subsidiya davom etayotgani va buning katta qismi energetika sohasi bilan bogʻliqligiga urgʻu berdi
Ajratilayotgan subsidiyalarning katta qismi energetika sohasiga — 12,3 trillion soʻm ajratilmoqda. Sohani subsidiyalash bozor tamoyillariga mos ravishda oʻzgarib borishi kerak emasmi? Subsidiyalash sohani samaradorligiga, tariflarga qanday taʼsir koʻrsatadi? — deya savol berdi senator.
Savolga bosh vazir oʻrinbosari javob berar ekan, tariflar xarajatlari oʻzini toʻliq qoplaydigan darajaga chiqmaganini birinchi sabab qilib koʻrsatdi.
Ikkinchidan gazning bir qismini import qilayotganimiz. Shuning uchun, tariflarni toʻliq oʻzini oʻzi qoplaydigan darajaga oʻtkazmasdan boshqa ilojimiz yoʻq.
Joriy yilda tariflar oshgan boʻlsa, Vazirlar Mahkamasining qarorida 2025-yil 1-apreldan yana bir marta oshirish taklifi maʼqullangan. Kelgusi yildan tariflar oshadi
Kelgusi 2025-yilda gaz va elektr energiyasi uchun 7,5 trillion soʻm subsidiya ajratilayotgan boʻlsa, bu yil bu summa 12 trillion soʻmni tashkil etdi, yaʼni kamayib bormoqda.
Subsidiyalarni berish qachon toʻxtadi, deb savol beradigan boʻlsangiz, 2025-2026-yillarda ham davom etadi, 2027-yil keskin pasayadi, 2028-yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi, — dedi Jamshid Qoʻchqorov.