2025-yil 1-martdan boshlab yoshga doir pensiyalar fuqarolarning murojaatisiz (avtomatik) tayinlanadi

    Fuqaroning shaxsiga oid barcha maʼlumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.

    Pensiya taʼminoti tizimiga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish orqali fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv shaklga oʻtkazilmoqda.

    Xususan, 2025-yil 1-martdan boshlab:

    • pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, yaʼni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi;
    • fuqaroning shaxsiga oid barcha maʼlumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.

    Ushbu qulayliklarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida:

    Birinchidan, fuqarolardan pensiya tayinlash uchun qoʻshimcha hujjatlar yigʻish uchun Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.

    Ikkinchidan, pensiya yoshiga yetgan fuqaroning telefon raqamiga “pensiya tayinlanganligi va uning miqdori” toʻgʻrisida maʼlumot yuboriladi.

    Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan yoki pensiya miqdoridan norozi boʻlgan fuqarolarga “avtomatik” tayinlangan pensiyani toʻxtatish huquqi berilmoqda.

    Fuqaroga “avtomatik” pensiya tayinlanganligi yoki pensiya tayinlanishi rad etilganligi haqida SMS xabar yuboriladi.

    Fuqaro pensiya tayinlanganidan, pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi boʻlgan taqdirda Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.