Hasharni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Xayriya hasharini oʻtkazish doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
- mahallalar, aholi punktlari, koʻp kvartirali turar joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, koʻcha va yoʻlaklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va butash ishlarini tashkil etish;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish;
- obodonlashtirish tadbiri ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan taʼminlash;
- joylarda obodonlashtirish ishlarini oʻtkazish jarayonida toʻplangan chiqindilarning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilot tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini taʼminlash;
- avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar, suv obyektlari, qirgʻoqboʻyi hududlari, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sogʻligiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish taqiqlanganini qatʼiy nazoratga olish.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga bahdam berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq xayriya hasharini oʻtkazishda aholini boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-taʼmirlash va qishloq xoʻjaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatʼiy yoʻl qoʻyilmaydi.
Hashar tegishli tashkilotlar hududida obodonlashtirish ishlari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirilishi taʼminlanadi.









