Oʻzgidrometning bergan tahlillariga koʻra, soʻnggi sakkiz yil davomida dekabr oylari asosan quruq oʻtgan. Bu yil ham oyning birinchi haftasida past darajadagi iliq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda.
Birinchi uch kunda respublika boʻyicha quruq va nisbatan iliq ob-havo saqlanadi. Tunlari -3 daraja sovuqdan +2 daraja iliqqacha, kunduzi esa +12...+15 daraja iliq boʻladi.
Toʻrtinchi va beshinchi dekabr kunlari ayrim hududlarda yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor. Kunduzgi harorat +3...+6 darajaga qadar pasayishi mumkin. Oltinchi va yettinchi dekabr kunlari qaytadan yogʻingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda. Harorat yana +12...+15 daraja iliqqacha koʻtariladi.
Oyning qolgan qismida qayta oʻzgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Tungi harorat 0...+5 daraja iliqdan -2...-7 daraja sovuqqacha, kunduzi esa +10...+15 daraja iliqdan 0–5 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi. Faqat 2–4 kun yomgʻir yoki qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda.
Kuzatuvlarga koʻra, dekabr oyi odatda kuzdan -4...-6 darajaga sovuqroq kechadi. Shu bilan birga oy davomida qishga xos boʻlmagan iliq kunlar ham qayd etilishi mumkin. Baʼzan harorat 15–20 daraja iliqqacha, ayrim yillarda bundanda yuqori boʻlgan hollar kuzatilgan.
Soʻnggi ellik yillik meteomaʼlumotlar asosida dekabr oyida harorat oshishi tendensiyasi barqaror kuzatilmagan. 1984-yil dekabri eng sovuq oy sifatida qayd etilgan. Harorat baʼzi hududlarda -27 daraja sovuqqacha tushgan. Eng iliq dekabr esa 2021-yilda kuzatilgan boʻlib, ayrim kunlarda +26...+28 daraja iliq qayd etilgan.
Yogʻingarchilik miqdori hududlarga koʻra farq qiladi. Shimol va choʻl hududlarida bir oyda 8–15 mm atrofida, Fargʻona vodiysi va janubiy hududlarda 17–33 mm, mamlakatning markaziy qismida esa 35–60 mm atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Togʻli hududlarda baʼzi joylarda 80–120 mm gacha yogʻingarchilik boʻlishi mumkin. Yangi qor qoplami asosan togʻlarda shakllanadi. Oxirgi marotaba keng qamrovli qorli dekabr 2002-yilda kuzatilgan.








