2025-yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz boʻlishi kutilmoqda

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi. Majlisda “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Qonun loyihasining konsepsiyasi yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼruza qildi.

    Taʼkidlanganidek, 2025-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasida davlatning fuqarolar oldidagi barcha ijtimoiy majburiyatlarini bajarish uchun yetarli miqdorda mablagʻ ajratilgan, shu jumladan ish haqi, pensiya va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlash hamda inflyatsiya darajasidan kam boʻlmagan miqdorda oshirib borish koʻzda tutilgan.

    Loyihada aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish uchun Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligini saqlab qolinmoqda.

    Xususan, kambagʻallikni qisqartirishga jami 20 trln soʻm mablagʻ ajratilmoqda. Ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablagʻlarning manzilliligini kuchaytirish va samaradorligini taʼminlashga qaratilgan choralar loyihada oʻz aksini topgan.

    Qonun loyihasida 2025-yil uchun asosiy soliq stavkalarini oʻzgartirmasdan saqlab qolish, “Yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish orqali daromadlar bazasini kengaytirish, soliq, bojxona va byudjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uygʻunlashtirish koʻzda tutilgan.

    Qayd etilganidek, Oʻzbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real oʻsish surʼati kelgusi yilda 2024-yilga nisbatan 6 foiz va aholi jon boshiga 3251 dollarni tashkil etishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, oʻsish surʼatlari sanoatda 6,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,1 foiz, bozor xizmatlarida 14,5 foiz, qurilishda 14,2 foiz boʻlishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiya darajasi 7 foiz boʻlishi kutilmoqda.