Eng avvalo, kambagʻal aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish oʻrinlarini koʻpaytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega boʻlishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga oʻtgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor oʻzining barqaror biznesiga ega boʻldi.
«Eʼtiborlisi, davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda koʻmakchi boʻlmoqda.
Mana shunday samarali hamkorlik tufayli shu yilning oʻzida 270 mingdan ziyod kambagʻal oila aʼzosi doimiy ishli boʻldi», — dedi Prezident.
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlanmoqda. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yoʻl qurilishi, tibbiyot va taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.