Prezidentimiz kelgusi yil uchun vazifalarni belgilab berdi. Birinchi yoʻnalish – qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish.
Kelgusi yilda mamlakatimizda 675 trillion soʻmlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trillion soʻmi qurilish ishlariga toʻgʻri keladi.
Kelgusi yilda 140 ming xonadonli koʻp qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan.
Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining oʻzidan kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini taʼminlashi mumkinligi qayd etildi.
Eng katta yangilik – 2026-yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻm viloyatlarning oʻziga beriladi.
Lekin bu mablagʻ hamma tumanga teng taqsimlanmaydi.
Chunki, Doʻstlik tumanida berilgan 5 milliard soʻm maqsadli ishlatilib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli koʻchaning infratuzilmasi yaxshilandi, kunu tun ishlaydigan maskanga aylantirildi. Ishning samarasi koʻringani sababli tumanga yana 10 milliard soʻm ajratilgan edi, koʻchaga tutashgan daryo boʻyi obodonlashtirildi, savdo-servis uchun qoʻshimcha joy ochildi. Natijada 130 ta yangi tadbirkor ish boshlab, 700 nafar odamni band qildi.
Lekin xuddi shunday “drayver” loyihalar uchun mablagʻ olgan Uchkoʻprik, Bektemir, Jomboy, Kitob, Toshkent tumanlarida hali natija koʻringani yoʻq.
“Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija koʻrsatsa, oʻsha tuman koʻp mablagʻ oladi”, – dedi Prezident.
Viloyat hokimlariga ish oʻrni yaratish va kambagʻallikni qisqartirishga katta turtki beradigan loyihalarni saralab, barcha tayyorgarlikni shu yilning oʻzida oxiriga yetkazish topshirildi.








