2026-yildan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi

    Mamlakatimizda 20 Iyun 2025 610

    Agarda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari faoliyatida ijobiy natijalariga erishsa mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

    Prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini oʻtaydi hamda mazkur kurslarning yakunlari boʻyicha ularning nazariy bilim va koʻnikmalari diagnostikadan oʻtkaziladi;

    • diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq boʻyicha bilim darajasi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish koʻnikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklarni, Oʻzbekiston tarixi va xorijiy tillarni oʻzlashtirganligi, umumiy eruditsiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) kabi koʻrsatkichlari baholanadi;
    • diagnostika va faoliyat samaradorligi (KPI) natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yigʻiladi va tahlil qilinadi;
    • Monitoring tizimi tahlili natijalariga koʻra, xodimning mavjud bilim va koʻnikmalarini kasbiy rivojlantirish xaritasi – portfoliosi yaratiladi;
    • kasbiy rivojlantirish xaritasi asosida davlat xizmatchisi rivojlantirishi lozim boʻlgan “yumshoq” va “qattiq” koʻnikmalari boʻyicha majburiy malaka oshirish, shu jumladan, mustaqil taʼlim olish dasturini oʻtaydi;
    • vazirlik va idoralar tomonidan xodimlarni xorijda oʻqitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan, grantlar yoki donorlar mablagʻlari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida davlat xizmatchilarini oʻqitish, tayyorlash, malakasini oshirish hamda stajirovkasi bilan bogʻliq tadbirlar majburiy tartibda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgandan soʻng amalga oshiriladi.