2026-yilgacha xususiy OTMlar soni kamida 50 taga yetkaziladi

    Saylov 9 Sentabr 2021 2112

    Mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrov darajasini 50 foizga yetkazish bilan birga, asosiy eʼtibor taʼlim sifatini oshirishga qaratiladi.

    2026-yilga qadar 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglar olishga erishadi.

    Shuningdek, davlat OTMlari bosqichma-bosqich mehnatga haq toʻlash, xodimlar soni, toʻlov kontrakt miqdori va taʼlim shaklini mustaqil belgilaydi.

    Ularning moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida, ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 25 foizdan 12 foizga tushiriladi, boʻshagan mablagʻlar taʼlim muassasalarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

    Xususiy oliygohlarda taʼlim olayotgan talabalarga ham, 7 yillik taʼlim kreditini olish tartibi joriy etiladi.

    Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun, kelgusi besh yilda qariyb 100 ming oʻrinli talabalar yotoqxonalari barpo etiladi.

    Oliy taʼlimda sifat va raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida, 2026-yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkaziladi.

    Zamonaviy, erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida “El-yurt umidi jamgʻarmasi” orqali, ularni nufuzli xorijiy oliygohlardagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish koʻlami 2-martaga oshiriladi.