2026-yilgi Jahon chempionati rasmiy toʻpi — “Trionda” namoyish etildi

    2026-yilda boʻlib oʻtadigan FIFA Jahon chempionati uchun rasmiy toʻp — “Trionda” jamoatchilikka taqdim etildi.

    Bu toʻp musobaqaning tarixiy ahamiyatini, innovatsion yondashuvini va uch mezbon mamlakatning birdamligini oʻzida mujassam etgan.

    “Trionda” nomi ispan tilidan “uch toʻlqin” deb tarjima qilinadi. Bu nom ilk bor uch davlat — Kanada, Meksika va AQSH — birgalikda jahon chempionatiga mezbonlik qilayotganini ramziy tarzda ifoda etadi. Toʻp dizaynida ham shu birdamlik va qoʻshma mezbonlik gʻoyasi yaqqol aks etgan.

    FIFA prezidenti Janni Infantino rasmiy taqdimot marosimida quyidagicha izoh berdi:

    «FIFA Jahon Chempionati-2026 uchun rasmiy toʻp – bu chinakam sanʼat asari! Men “Trionda« toʻpini taqdim etishdan xursandman va faxrlanaman. «Adidas” yana bir bor ramziy va texnologik jihatdan mukammal toʻpni yaratdi – bu dizayn uch mezbon mamlakat – Kanada, Meksika va AQSHning birdamligini, ishtiyoqini oʻzida ifoda etadi.
    Bu goʻzal toʻpning darvozani toʻriga borib tushishini intiqlik bilan kutyapman. Futbol bayrami tobora yaqinlashmoqda – va toʻp endi harakatda!»

    “Trionda” toʻpining oʻziga xos xususiyatlari:

    Ranglar uygʻunligi — toʻp dizaynida Kanada (qizil), Meksika (yashil) va AQSH (koʻk) ranglaridan ilhom olingan.

    Toʻlqinli geometrik shakl — yangi toʻrt panelli konstruksiya chuqur choklar orqali havoda barqaror parvozni taʼminlaydi.

    Oltin bezaklar — FIFA Jahon chempionati kubogiga ishora sifatida ishlatilgan.

    Yangi avlod texnologiyalari

    “Trionda” nafaqat koʻrkam, balki texnologiya jihatdan ham ilgʻor toʻp hisoblanadi. Unda quyidagi yangiliklar joriy etilgan:

    • Yopishqoqlikni oshiruvchi yuzaki ikonlar — ayniqsa, nam havoda oʻyin paytida yaxshi nazorat va qulaylik yaratadi.
    • 500 gerts chastotali harakat datchigi — toʻpning harakatini aniq qayd etib, VAR tizimiga real vaqtda maʼlumot yuboradi. Bu, xususan, ofsayd kabi noaniq vaziyatlarni aniqlashda muhim rol oʻynaydi.