Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi doirasida qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta maslahat qoʻmitasi (ICAC) direktori Erik Traxtenberg bilan uchrashdi.
Muloqot davomida tomonlar qoʻmita bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikning natijalari va kelgusi rejalarni muhokama qildilar.
Xususan, Oʻzbekistonda paxtachilik sohasida “Karbon bozori” tizimini joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu tashabbus xalqaro miqyosda barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish va ekologik texnologiyalarni joriy qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026-yilda Oʻzbekistonda «International Cotton Day» xalqaro tadbirini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mazkur forum mamlakatda paxta yetishtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion yondashuvlar va ekologik barqaror ishlab chiqarish amaliyotini namoyon etish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qilishi bilan ahamiyatli.









