2027-yildan boshlab pensiya va gʻaznachilik boʻlimlari tugatiladi

    Oʻzbekistonda pensiya va gʻaznachilik xizmatlari raqamlashtirilayotgani bois quyi boʻgʻinlardagi tashkilotlar faoliyati bosqichma-bosqich tugatiladi.

    Prezident farmoniga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi va Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tugatiladi, ular oʻrnida 1–3 nafar xodimdan iborat ixcham xizmat koʻrsatish ofislari tashkil etiladi.

    Shuningdek, farmonda taʼkidlanishicha, soʻnggi ikki yilda mazkur ikki tashkilotning shtat birliklari 1 940 taga (45 foizga) qisqartirilgan. Kelgusi yilda esa xodimlar sonini yana toʻrt barobargacha kamaytirish rejalashtirilgan.

    Farmonga asosan, 2026-yil 1-iyuldan mamlakatda «Raqamli gʻazna» tizimi joriy etiladi. U orqali:

    • maʼlumotlar sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi,
    • qisqa va uzoq muddatli prognozlar ishlab chiqiladi,
    • inson omilining taʼsiri kamaytiradi.

    Shuningdek, chet el valyutasidagi operatsiyalar SWIFT tizimiga ulangan holda amalga oshiriladi. Davlat xaridlari va moliyaviy operatsiyalardagi xavflar “E-risk” dasturi yordamida aniqlanib, avtomatik ogohlantirish va xabardor qilish mexanizmlari ishlaydi.

    Pensiya tizimida esa 2026-yil 1-dekabrdan fuqarolarning ish staji va maoshi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar asosida pensiya miqdorini oldindan koʻrish imkonini beruvchi «Mening pensiyam» onlayn xizmati ishga tushiriladi. Barcha pensiya xizmatlari proaktiv, elektron va interaktiv shaklga oʻtkaziladi:

    • fuqarolarning ish staji va ish haqi haqidagi elektron maʼlumotlarga asoslangan pensiya miqdorini dastlabki hisoblash imkonini beruvchi “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi;
    • barcha pensiya xizmatlari proaktiv, elektron va interaktiv formatlarga oʻtkaziladi.

    Shuningdek, 2025-yil 1-oktyabrgacha pensiya toʻlovlaridan ushlab qolishlar amalga oshirilishidan avval fuqarolarni oldindan xabardor qilish tizimi joriy etiladi.