2030-yilga kelib, insultdan oʻlim koʻrsatkichi 2 baravar oshishi mumkin

    Fan 1 Iyun 2023 1195

    JSST maʼlumotiga koʻra, bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi dunyoda erta oʻlim sabablari orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi.

    Xususan, ishemik insultga chalinganlarning katta qismi hayotdan koʻz yumishi yoki umrbod nogironlikka mahkum boʻlishi achinarli holat.

    Biroq 2030-yilga kelib, ushbu kasallikdan oʻlim holatlari ikki barobar ortishi mumkin. Xitoy olimlari “Global Health Data Exchange” maʼlumotlarini tahlil qilish asnosida shunday xulosaga keldi.

    Mutaxassislarning ogohlantirishcha, 2019-yilda insult oqibatida 3,29 million kishi hayotdan koʻz yumgan boʻlsa, 2030-yilda bu koʻrsatkich 6,4 million nafarga yetadi.

    Vaziyatning bunday yomonlashuviga chekish, toʻyib ovqatlanmaslik, buyraklar faoliyati buzilishi, semirish, yuqori qon bosimi, qonda xolesterin va glyukoza miqdori ortishi, sayyoramiz aholisi soni koʻpayishi kabi omillar sabab boʻladi.

    “Albatta, bu prognoz juda xavotirli. Ammo insoniyat ishemik insultning oldini olishga qodir. Sogʻlom turmush tarziga rioya qilish eng oqilona va samarali profilaktik chora” — deydi tadqiqot muallifi Lize Syun.