2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi

    “2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-184-son, 15.05.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2030-yilda quyidagi koʻrsatkichlarga erishish belgilandi.

    Jumladan:

    • 3,3 mln nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatning shakllanishi;
    • 4,2 mln nafar umumiy oʻrta taʼlim tizimi tashkilotlari oʻquvchilarida ekologik taʼlim-tarbiyaning mustahkamlanishi, ekologik madaniyatning yuksalishi.

    Qaror bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Konsepsiya 2027-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har 2-yil muddatga tasdiqlanadigan alohida “yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

    Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul oʻquv kurslari tashkil etiladi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.