2030-yilgacha maktabgacha taʼlim sohasida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda

    Bugun poytaxtimizda YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va taʼlim berish bo‘yicha II Jahon konferensiyasi (Global forum) o‘z ishini boshladi.

    Tadbir O‘zbekiston hukumati, YUNESKO, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etilmoqda.

    Anjumanda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari, YUNESKOga aʼzo mamlakatlarning taʼlim sohasidagi vazirlari, fan va taʼlim sohasidagi yetakchi xalqaro ekspertlar qatnashmoqda.

    Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin ishtirokchilarni tabrikladi.

    Tadbir yakunlari bo‘yicha yakuniy hujjat – 2030 yilgacha maktabgacha taʼlim sohasidagi xalqaro kun tartibini belgilab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Yakuniy hujjat konferensiya doirasidagi maslahatlashuv jarayonida tayyorlanadi, BMTning oltita rasmiy tiliga tarjima qilinadi va YUNESKOga aʼzo barcha davlatlarga tarqatiladi.

    Eslatib o‘tamiz: 2010 yilning 27-29 sentyabr kunlari Moskva shahrida YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va taʼlim berish bo‘yicha I Jahon konferensiyasi bo‘lib o‘tgan edi.