Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida 3 milliard 300 million dollar boʻlgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yoʻldagi katta qadam boʻladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bogʻlash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi.

Xususan, kelgusi yilning oʻzida 1 ming kilometr tarmoqlar oʻtkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qoʻshimcha quvvatlar yaratiladi.

«Biz elektr energiyasi generatsiyasi yoʻnalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etishda katta tajriba orttirdik.

Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni isteʼmolchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qoʻllashni boshladik», – dedi Prezidentimiz.

Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish boʻyicha Turkiyaning “Aksa elektrik” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgani maʼlum qilindi.

Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yoʻqotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili oʻrtacha 20 million dollar tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.