Bu haqda Dunyo AA xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, fuqaro S.J. 2005-yildan buyon Pokiston hududida vizasiz, noqonuniy yashab kelgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan. U shu yil fevral oyida Oʻzbekistonga qaytishda yordam soʻrab diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, u 2005-yilda Pokiston fuqarosi bilan turmush qurish maqsadida ushbu mamlakatga kelgan. Biroq shu yilning oʻzida turmush oʻrtogʻi yoʻl-transport hodisasiga uchrab, nogiron boʻlib qolgan. Shundan buyon u turmush oʻrtogʻini parvarishlab kelgan. Hozirda uning salomatligi nisbatan yaxshilangan boʻlsada, nogironlik holati saqlanib qolgan.

Oʻrganishlar davomida yurtdoshimizning moliyaviy imkoniyatlari cheklangani, faqat kundalik ehtiyojlarni qoplash darajasida ekani maʼlum boʻldi.

Shundan soʻng elchixona tomonidan uning shaxsi va fuqaroligi tasdiqlanib, Vatanga qaytish uchun tegishli sertifikat rasmiylashtirildi. Shuningdek, Pokiston Ichki ishlar vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 21-yil davomida vizasiz yashagani uchun belgilangan 8400 AQSH dollari miqdoridagi jarima bekor qilindi va mamlakatni tark etishga ruxsat berildi.

Qoʻshimcha qilinishicha, diplomatik missiya koʻmagida fuqaro uchun aviatashish ham tashkil etildi. U Uzbekistan Airways aviakompaniyasining “Islomobod–Toshkent” yoʻnalishi orqali 2-may kuni Oʻzbekistonga qaytarildi.