“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida»gi Qonunning 62-moddasiga asosan, Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan joriy yilning avgust-sentyabr oylarida tijorat banklari muassasalarida nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

Nazorat tadbirlarida tijorat banklarining joylardagi muassasalarida isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda bank faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishi, shu jumladan, terminallar orqali toʻlovlarning qabul qilinishi hamda bank xizmatlari toʻgʻrisidagi axborotlarni isteʼmolchilarga toʻgʻri va toʻliq taqdim etilishi holatlariga eʼtibor qaratildi.

Xususan, oʻrganish davomida banklar tomonidan taklif etayotgan kredit va omonatlar haqidagi axborotlar isteʼmolchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor qilinishi hamda bank kartalari orqali xizmatlar koʻrsatilishi toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganligi holatlari aniqlandi.

Ushbu holatlarga yoʻl qoʻyganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonunining 57-moddasiga muvofiq, 21 ta tijorat bankiga nisbatan chora qoʻllanilib, bunda 16 ta tijorat bankidan jarimalar undirildi hamda 5 ta tijorat bankiga ogohlantirish berildi.

Isteʼmolchilar bank xizmatlaridan foydalanish boʻyicha oqilona qarorga kelishlari uchun tijorat banklaridan isteʼmolchilarga bank xizmatlari haqidagi maʼlumotlarni toʻliq oshkor qilishi va ularning shartlarini batafsil tushuntirishi lozimligi bildiriladi.