Termiz shahridagi transport-logistika xabi afgʻon xalqiga insonparvarlik yordamini yetkazishdagi ahamiyati eʼtirof etdi

    Dehli shahrida O'zbekiston, Hindiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari mas'ul xodimlari darajasida Afg'oniston bo'yicha «Hindiston-Markaziy Osiyo» shaklidagi Qo'shma ishchi guruhining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

    Tadbirda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi hamda Jahon oziq-ovqat dasturining Kobuldagi vakillari ham onlayn shaklda ishtirok etdi.

    Tomonlar Afg'oniston suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat bildirdi va uning ichki ishlariga aralashmaslikni ta'kidlab, mamlakatda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka erishishni qo'llab-quvvatlashini tasdiqladi.

    Forum ishtirokchilari Afg'onistondagi mavjud vaziyatni barqarorlashtirishda jahon hamjamiyati sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligini urg'uladi. Butun mintaqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, birinchi navbatda, mamlakatga gumanitar yordam etkazish, afg'on xalqiga uzoq davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan chiqishda amaliy ko'mak berish masalasida xalqaro konsensus zarurligi qayd etildi. Bu masalada BMTning roli muhimligiga e'tibor qaratildi.

    Jahon oziq-ovqat dasturining Kobuldagi vakili TSyao Vey Li O'zbekiston rahbariyati tomonidan Termiz shahrida tashkil etilgan Xalqaro ko'p funktsiyali transport-logistika xabi afg'on xalqiga insonparvarlik yordamini etkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini e'tirof etdi. «Bu, ayniqsa, 23 milliondan ortiq afg'onistonliklar ochlikdan qiynalayotgan bugungi kunda o'ta dolzarbdir», dedi u.

    Afg'onistonni mintaqaviy o'zaro bog'liqlik loyihalariga yanada samaraliroq jalb etish bo'yicha sa'y-harakatlarni faollashtirish kerak. Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda mintaqaning ushbu mamlakatda siyosiy va diplomatik faoliyatini davom ettirayotgan davlatlari muhim rol` o'ynayotgani ta'kidlandi.

    Yig'ilish ishtirokchilari terrorizm, ekstremizm, radikallashuv va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishining mintaqaga solayotgan tahdidlari, ushbu muammolarga qarshi kurashish bo'yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

    Qo'shma ishchi guruhi yig'ilishi ishtirokchilari tomonidan uchrashuv yakunlari bo'yicha Qo'shma bayonot qabul qilindi.