Jumladan, birinchi yoʻnalish yaʼni ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollar toifasiga 11 ming 212 nafar xotin-qiz kiritilgan boʻlib, joriy yilning 6 oyi mobaynida ularning 10 ming 344 nafari ish bilan taʼminlandi. Ikkinchi yoʻnalish yaʼni tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar toifasi boʻyicha 3 ming 650 nafari roʻyxatga olinib, shundan 2 ming 422 nafariga kredit asosida tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlariga amaliy yordamlar berildi.
Birgina misol, Xorazm viloyati Gurlan tumani “Saxtiyon” mahallasida yashovchi 3-bosqich “Ayollar daftari” roʻyxatida turuvchi Erkinoy Omonova kredit asosida toʻrtta tikuv mashinasini sotib olib, tikuvchilik faoliyatini kengaytirdi. Natijada mahalladagi 10 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlashga erishdi. Ulardan birining nomi “Ayollar daftari”da qayd etilgan.
Viloyatda mazkur daftarga kiritilgan xotin-qizlarni 6 ta toifa asosida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar oʻzining amaliy natijasini beryapti. Jumladan, Xiva tumani «Shomohulum» mahallasida yashovchi Rahimajon Yusupova ham “Ayollar daftari”da turib, subsidiya asosida issiqxona tashkil etdi. Yil boshidan ishni yoʻlga qoʻygan Rahima opa bugungi kunda issiqxonada yetishtirgan meva-sabzavot mahsulotlarini ichki bozorga yetkazib, oilasiga yaxshigina daromad keltirmoqda.
– Muhimi, turmush sharoitimiz oldingiga nisbatan ijobiy tomonga oʻzgardi, — deydi Rahimajon Yusupova. – Yaqinda 5 nafar ayolni ish bilan taʼminladim. Ularga yordamim tekkanidan xursandman.
Shuningdek, viloyatda “Ayollar daftari” tizimining 3-bosqichiga 6 ta toifa boʻyicha kiritilganlarning 8 ming 474 nafari boquvchisi boʻlmagan xotin-qizlar, 5 ming 728 nafari ijtimoiy yordamga muhtoj birinchi va ikkinchi guruh nogironi boʻlganlar, 840 nafari uy-joyga muhtoj xotin-qizlar, shuningdek, 5 ming 607 nafari qaramogʻida nogironligi boʻlgan bolalari mavjud ayollar hisoblanadi. Taʼkidlash joizki, bugungi kungacha ularning 23 ming 599 nafari yaʼni 66,5 foiziga amaliy yordamlar koʻrsatildi. Endilikda 35 ming 511 nafar ehtiyojmand xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatilishi dolzarb vazifa sanaladi.
Mazkur daftardagi xotin-qizlarga qoʻshimcha ravishda tibbiy, huquqiy hamda psixologik yordamlar koʻrsatib kelinyapti. Quvonarlisi, yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan opa-singillarimiz mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan siyosatning mazmun-mohiyatini chuqur anglab, turmush sharoitlari yaxshilanishiga erishyapti. Nafaqat oʻzlarining, balki, atrofdagi ayollarning oilasi farovonligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshyapti.
Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi axborot xizmati.