23 oktabr - Qor qoploni kuni

    O‘zbekistonda qor qoplonining soni 30−50 dan 80−120 gacha baholanadi.

    Bugun 23 oktabr - Qor qoploni kuni(International Snow Leopard Day)! Ilmiy tilda ilvirs deb ataluvchi qor qoplon Xalqaro Qizil kitobiga kiritilgan. U O‘zbekistonning G‘arbiy Tyanshan, G‘arbiy Pomir-Oloy tog‘larida, shuningdek, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, G‘arbiy Sibir, Janubiy Mo‘g‘uliston, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Nepal va Butan kabi davlatlarda tarqalgan.

    Qor qoploni (Panthera uncia) mushuksimonlar oilasiga kiruvchi yirik yovvoyi sut emizuvchi bo‘lib, asosan Shimoliy va Markaziy Osiyo hamda Himalay tog‘larida yashaydi. Qor qoploni Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxati va u uchraydigan barcha mamlakatlarning Qizil kitoblariga kiritilgan bo‘lib, yo‘qolish xavfi yuqori bo‘lgan yirtqich hayvon sifatida baholanadi. O‘zbekistonda bu hayvon yashaydigan hududlarning umumiy maydoni 10000 km² yoki global maydonning 0,36 foiziga teng. O‘zbekistonda qor qoplonining soni 30−50 dan 80−120 gacha baholanadi.

    Qor qoplonining yashashi uchun asosiy xavflar: yashash joylarining degradatsiyasi, o‘g‘rincha ovlash, uy hayvonlariga hamla qilgani uchun qasos o‘laroq hayvonlarni o‘ldirish, ilvirsni muhofaza qilish bo‘yicha yetarli bo‘lmagan chora-tadbirlar va past xabardorlik sanaladi.