Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Yangiqoʻrgʻon tumanida tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida chegara oldi hududida yashovchi fuqaroning uyi belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

Natijada ushbu xonadonda yurtimizga qoʻshni mamlakatdan noqonuniy olib kirilgan, tegishli hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 230 million soʻmlik 5 turdagi 249 dona maishiy texnika vositalari noqonuniy saqlanayotganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.