Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, ishga tushirilgan 10 ta yangi quvvatdan biri Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterining “Tashkent Cotton Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyatidir.
Mazkur zamonaviy toʻqimachilik majmuasi klasterning yirik investitsiyaviy loyihalaridan biri hisoblanadi. Uning umumiy qiymati 235 million yevroga teng. Tarkibida beshta fabrikani birlashtirgan ulkan majmuaning birinchi bosqichi doirasida 112 million yevro miqdorida investitsiya oʻzlashtirilib, ip yigiruv fabrikasi bunyod etildi. U ishga tushirilishi tufayli 1100 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
— Prezidentimizning gʻoyasi asosida qishloq xoʻjaligiga klaster uslubi joriy etilgach, u oʻtgan qisqa vaqt ichida sohaning “drayveri”ga aylandi, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Sababi, mazkur innovatsion tuzilma sharofati bilan qishloq joylarida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, ming-minglab yangi ish joylari yaratilyapti. Bu esa aholi bandligini taʼminlash, hududlar eksport salohiyati oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina “Tashkent Cotton Textile” korxonasida ochilgan yangi ish joylari, klaster erishayotgan yutuqlar fikrimiz tasdigʻidir.
“Home Textile”, yaʼni oʻy toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan mazkur korxona yiliga 33 ming tonna har xil turdagi kalava ip ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eʼtiborlisi, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlarning 75 million dollarlik qismi Yevropa davlatlariga eksport qilinishi koʻzda tutilgan.
— Ip yigiruv fabrikamiz Germaniya, Turkiya, Shveysariya, Italiya kabi davlatlardan keltirilgan soʻnggi rusumdagi ilgʻor texnologik uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan, — deydi “Tashkent Cotton Textile” MCHJ rahbari Akbarxon Bahramov. — Ular yordamida yuqori sifatli, tashqi bozorda raqobatbardosh kalava iplar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Shu bois xorijda mahsulotimizga boʻlgan talab hozirdanoq ortib boryapti.
Taʼkidlash kerakki, umumiy maydoni 41 gektarni tashkil etadigan korxonada kalava ip yetkazib berish bilan cheklanib qolinmaydi, balki paxta tolasi chuqur qayta ishlanib, tayyor toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning barcha zanjiri yaratiladi. Yaʼni yaqin istivbolda loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilib, boʻyash, toʻqimachilik, matoni pardozlash va tikuvchilik fabrikalari ishga tushiriladi. Natijada xonadon uchun zarur boʻlgan barcha turdagi toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ular orasida biz uchun yangilik boʻlgan pardabop, dasturxonbop matolar toʻqilishi rejalashtirilgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Loyiha toʻliq yakunlangach, yaratilgan ish oʻrinlari soni 4 610 taga yetadi. Unga, avvalo, klaster korxonasi joylashgan Quyi Chirchiq tumanining Mingchinor mahallasi yoshlari, xotin-qizlari jalb etiladi.
Demak, davlatimiz rahbari tomonidan klasterlar oldiga hududlarda sanoatni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, eksport hajmini oshirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalar izchil ijrosi taʼminlanmoqda.
Said RAHMONOV.