Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimi quyidagi 2 bosqichda joriy qilinadi:
- 1 bosqich – 2023–2024 yillarda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 25 ta tumanda (quyida keltirilgan);
Ushbu tumanlarda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini joriy qilish bepul amalga oshiriladi.
2 bosqich – 2025–2026 yillarda respublikaning qolgan tumanlarida.
Qaror bilan Qo‘mita huzurida davlat muassasasi shaklida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, 25 ta tumanda quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan chorvachilik klasterlari tashkil etiladi:
- go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, aholidan yig‘ib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot shaklida realizatsiya qilish;
- tayyor ozuqa yem mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni aholiga qulay bo‘lgan hududlarda sotish shoxobchalarini tashkil etish;
- aholi xonadonlariga mahsuldor naslli mollarni yetkazib berish;
- chorva mollarini so‘yish kushxonalari, terilarni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish;
- terini qayta ishlovchi korxonalar bilan birgalikda kooperatsiya asosida teridan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish.
Shunga ko‘ra, tashkil etiladigan chorvachilik klasterlariga:
- 60 million AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratiladi;
- paxta va g‘alla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100–150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratiladi.
2023-yil 1-dekabrdan chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini Qo‘mita kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.
2023-yil 1-sentyabrdan 2025-yil 31-dekabrgacha davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:
- chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida;
- parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 15 ming so‘mini qoplash uchun.