25-yildan ortiq qidiruvda boʻlgan xalqaro terrorist Oʻzbekistonga olib kelindi

    Diniy ekstremistik oqim gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, “hijrat” va “jihod” qilishni maqsad qilgan ushbu shaxs 1999-yilda Oʻzbekistondan chiqib ketgan

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun 25-yildan ortiq qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi joriy yilning noyabr oyida xorijda ushlanib, mamlakatimizga olib kelindi.

    Diniy ekstremistik oqim gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, “hijrat” va “jihod” qilishni maqsad qilgan ushbu shaxs 1999-yilda Oʻzbekistondan chiqib ketgan hamda Afgʻoniston, Pokiston va Suriya davlatlari hududlaridagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

    Oʻzganing nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan mazkur shaxs MDHga aʼzo davlatlardan birida qoʻlga olindi.

    Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 154- (yollanish), 155- (terrorizm), 159- (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Taʼkidlash lozimki, qonun ustuvor boʻlgan mamlakatimizda har bir sodir etilgan jinoyat uchun jazo muqarrarligi taʼminlanadi.