AOKAda o'tkazilgan brifingda Uy-joy fondi inspeksiyasi rahbari Azlar Sodiqov joriy yilning 1 dekabr holatiga Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan ko'p kvartirali uylarni saqlash va ularni boshqarishni nazorat qilish bo'yicha 5 ta yo'nalishda amalga oshirilgan ishlar to'g'risida ma'lumot berdi.
— Ko'p kvartirali uylar va unga tutash hududlarda jami 11 778 ta noqonuniy qurilmalar aniqlangan bo'lib shulardan, 3 500 tasiga 6,0 mlrd.so'm ma'muriy jarimalar qo'llanilgan hamda 6 800 tasi mulkdorlarning o'zlari tomonidan avvalgi xolatiga qaytarilgan.
— Yangi uylarni foydalanishga qabul qilish va rekonstruktsiya qilish bo'yicha xulosalar olish maqsadida qurilish tashkilotlari tomonidan 1055 ta arizalar kelib tushgan. Shundan, yangi uylardan foydalanish uchun 488 ta arizalarga ijobiy xulosalar berilgan. Qolgan 567 ta arizalarga tegishli uylar foydalanishga tayyor emasligi uchun rad etish xulosalari berilgan.
— Ko'p kvartirali uylarga xizmat ko'rsatuvchi jami 1000 ga yaqin boshqaruv organlari faoliyati o'rganildi. O'rganish natijalariga ko'ra 250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan jami 20 mlrd.so'm mablag'larni talon-taroj yoki uy-joy mulkdorlariga zarar yetkazganligi aniqlandi. Shundan, 50 ga yaqin shirkat raxbarlariga nisbatan jinoiy ishlar qo'zg'atilib 700 mln.so'mga yaqin mablag'lar shirkatlar xisobiga qaytarilgan.