26 yoshli ayolni urib oʻldirgan erkak 19 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

    Marhuma bilan oʻzaro kelisha olmaganini sabab qilib koʻrsatgan erkak hovlidagi 20-25 kilogrammli beton boʻlagi bilan qochishga urinib, yiqilgan ayolning yuz va bosh sohasiga urgan.

    Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 26 yoshli ayolni beton boʻlagi bilan urib oʻldirgan erkakka hukm oʻqildi.

    Qayd etilishicha, ayblanuvchi 2022-yil 26-sentyabr kuni soat 22:30 larda spirtli ichimlik isteʼmol qilib, Navroʻz koʻchasida yashovchi M.M. ismli ayolning uyiga borgan.

    Erkak unga oʻrtalarida goʻyoki ishqiy munosabat boʻlganini vaj qilib, ayoldan pul undirish maqsadida uning uyiga bostirib kirgan. Marhuma bilan oʻzaro kelisha olmaganini sabab qilib koʻrsatgan erkak hovlidagi 20-25 kilogrammli beton boʻlagi bilan qochishga urinib, yiqilgan ayolning yuz va bosh sohasiga urgan.

    Ayol voqea joyida vafot etgan. Erkak esa uy ichiga kirib, 1,9 million soʻm miqdoridagi pulni olib voqea joyidan qochib ketgan. Ayblanuvchi A.R. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.