263 dona qadimiy tangani olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi

    Dastlabki tahlillarga koʻra tangalar bundan 500-yil muqaddam zarb etilgan boʻlishi mumkin.

    Qadimiy numizmatika buyumlarini Respublikamiz hududidan olib chiqilishiga boʻlgan yana bir urinish bartaraf etildi.

    Maʼlum qilinishicha, “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Buxoro-Istanbul” yoʻnalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketish arafasidagi yoʻlovchi tegishli bojxona nazoratidan oʻtkazilgan. Oqibatda ushbu fuqaro oʻzining qoʻl yuklari orasiga berkitgan holda qadimiy tangalarni olib chiqishga urinayotganligi aniqlangan.

    Ashyoviy dalil sifatida olib qolingan 263 dona qadimiy tangalarning bir qismi dastlabki tahlillarga bundan 500-yil muqaddam zarb etilgan boʻlishi mumkin.

    Hozirda mazkur numizmatika buyumlarining qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza tayinlangan boʻlib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekiston Respublikasining «Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan zarb etilganligiga 50-yildan oshgan numizmatika buyumlarini yurtimiz hududidan olib chiqib ketish taʼqiqlanadi.