27-28-oktyabr kunlari O‘zbekistonda MDH Parlamentlararo Assambleyasining sessiyasi bo‘lib o‘tadi

    Voqea-hodisalar 24 Oktabr 2022 2289

    Joriy yil 27-28-oktyabr kunlari Samarqanda shahrida ilk bor MDH Parlamentlararo Assambleyasining sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

    Yuzma-yuz shaklda o‘tkaziladigan tadbirlarda MDH PA ishtirokchi davlatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va a’zolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim va ekspertlar ishtirok etadi.

    27-oktyabrda Assambleyaning madaniyat, axborot, turizm va sport bo‘yicha, agrar siyosat, tabiiy resurslar va ekologiya bo‘yicha hamda siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha doimiy komissiyalarining majlislari bo‘lib o‘tadi.

    Shu kunning o‘zida Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlarining yosh a’zolari MDH ishtirokchi davlatlari Yoshlar parlamentlararo assambleyasi majlisiga yig‘iladi.

    27-oktyabrda MDH PA Kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi. Parlament delegatsiyalari rahbarlari hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama etadi, 2022-yilda o‘tkazilgan tadbirlar yakunlarini sarhisob qiladi, MDH makonidagi saylov kampaniyalari monitoringi to‘g‘risidagi axborotni eshitadi.

    28-oktyabrda MDH PAning 54-yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Parlament a’zolari saylov mavzusidagi ko‘plab namunaviy qonunlarni ko‘rib chiqishi rejalashtirilgan. Shuningdek, deputatlar va senatorlarga bir qator boshqa qonun loyihalari ham taqdim etiladi, ulardan keyinchalik Hamdo‘stlik mamlakatlarining milliy qonunchiligida foydalanish mumkin.

    Sessiyaning asosiy tadbirlari arafasida 25-oktyabrda MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik Ekspertlar kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.