Oʻzgidromet Direktori Sh..Habibullayev oʻzining feysbukdagi  sahifasida  tezkor gidrometeorologik axborot berdi.

Taʼkidlanishicha, shu yilning 26-28-avgust kunlari Oʻzbekiston hududiga nam va salqin havo massalari kirib keladi.

Respublika hududi boʻyicha 26-27-avgustda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzi joylarda 23-25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

27-28-avgust kunlari kunduzi havo harorati 23-28 darajagacha pasayadi. 26-avgustda respublika shimolida va choʻl hududlarda, 27-28-avgustda qolgan hududlarda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Togʻ oldi va togʻli hududlarda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi.

Kutilayotgan kuchli yomgʻirlar yogʻishi hisobiga respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 27-29-avgust kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Togʻ oldi va togʻli hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda togʻli xududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlarini soʻraymiz.