19-sentyabr kuni soat 19:05 larda 2006-yil tugʻilgan oʻsmir Namangan tumani Mirishkor mahallasi hududidan oʻtuvchi “Toʻraqoʻrgʻon — Rovuston” temir yoʻlining 81 kilometri birinchi piketidagi temir yoʻl izining yon qismida joylashgan yuqori kuchlanishli simyogʻochga chiqib, suratga tushmoqchi boʻlgan vaqtida uni 27 500 volt kuchlanishdagi elektr toki urib, jarohat olgan.

Viloyat IIB axborot xizmati xabariga koʻra, oʻsmir tuman tez tibbiy yordam boʻlimiga yotqizilgan.

“Bemor jonlantirish boʻlimiga kelgan vaqtida shok holatida edi. Koʻrsatilgan muolajalardan soʻng shok holatidan chiqarildi. Hozirda bemor holati stabil”, — deydi shifokor.

Sodir boʻlgan holat yuzasidan Namangan viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi masʼullari tomonidan muhokama oʻtkazildi.