Loyihada notariuslar tomonidan notarial harakatlar rasmiylashtirilganligi uchun undiriladigan davlat bojini shaffoflikni taʼminlash maqsadida:

koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq shartnomalarni tasdiqlash;

mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash;

mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlash;

avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalarini tasdiqlash;

garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlash;

qarz shartnomalarini tasdiqlash;

avtomototransport ishonchnomalarini va avtomototransportdan tekin foydalanish shartnomalarini hamda qarz shartnomasidan kelib chiqib chiqadigan pul summasini undirish boʻyicha ijro xatlarini yozib berishda undiriladigan davlat boji optimallashtirilmoqda. Yaʼni, ilgari differensial tarzda hisoblanadigan davlat boji qatʼiy stavkalarda belgilanishi taklif etilmoqda.

Misol uchun: bugungi kunda 3 yillik “COBALT” avtomobilining oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlatish uchun davlat boji 1 mln 650 ming soʻm hisoblansa, 7 yillik transport boʻyicha 1 mln 80 ming soʻm davlat boji undiriladi.

Vazirlik tomonidan ilgari surilgan takliflar amalga oshirilsa, barcha turdagi avtomobillarning oldi-sotdisida davlat boji 810 ming soʻmni tashkil qiladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida davlat boji summasi optimallashib, uni hisoblashda shaffoflikka erishiladi hamda xar yili 290 mlrd soʻmga yaqin mablagʻlar aholi ixtiyorida qoladi.

Adliya vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi