Insofli tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va oldini olishga qaratilgan islohotlar oʻtkazilayotgan bir vaqtda, ayrim “uddaburon tadbirkorlar" davlat byudjetiga bojxona toʻlovlarini belgilangan tartibda toʻlash oʻrniga, turli qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirishni oʻziga maqsad qilib, bojxona xodimlarini chalgʻitishga urinishadi.
Ammo ularning qingʻir rejalari oʻz vaqtida fosh etilmoqda.
Xususan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlarining operativ maʼlumotlari asosida navbatdagi yirik miqdordagi qonunbuzilish holatlari fosh etildi.
Jumladan, Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan xususiy korxona nomiga xorijdan olib kelingan umumiy qiymati 2575,5 AQSH dollari boʻlgan, ogʻirligi 26000 kilogrammni tashkil etuvchi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun xomashyo tovarlari bojxona organlarida joriy etilgan xavfni boshqarish tizimi tomonidan avtomatik ravishda “sariq” yoʻlakka yoʻnaltiriladi. Bu esa tadbirkorlik subyektiga bildirilgan ishonch natijasida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirilgan tartibda oʻtkazilishi demakdir.
Ammo, taqdim etilgan hujjatlar bojxona xodimlarining eʼtiborini tortdi va mazkur tovarlar xavf darajasi yuqori koʻrsatkichga ega deb topgan holda “Qizil yoʻlak”ga yoʻnaltirilib hamda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.
Natijada, bojxona xodimlarining gumonlari oʻzini oqladi va hujjatlarda qayd etilmagan qiymati 3 mlrd. soʻmdan ziyod miqdordagi toʻqimachilik matolar boʻyicha davlat byudjetiga undirilishi lozim boʻlgan 563 mln. soʻmlik bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlashga boʻlgan urinish fosh etildi.
Agarda, mazkur “uddaburon tadbirkor”ning bojxona xodimlariga taqdim qilgan dastlabki hujjatlarida aks etgan maʼlumotlari, yaʼni tovar miqdori hamda TIF TN kodi asosida bojxona toʻlovlari hisoblanganda edi 41 mln. soʻmlik bojxona toʻlovlari undirilar edi.
Holat boʻyicha daliliy ashyo sifatida olingan 3 mlrd. 323 mln. soʻmlik tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini toʻliq undirilishini taʼminlash maqsadida vaqtincha saqlovga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.