3 nafar fargʻonalik bokschiga viloyat hokimi uy sovgʻa qildi

    Sport 21 Dekabr 2023 864

    Xalqaro maydondagi shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan 54 nafar fargʻonalik sportchiga viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda sovgʻalari topshirildi.

    Xususan, Boks boʻyicha jahon chempioni Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, jahon chempionati sovrindorlari Lazizbek Mullojonov va Navbahor Hamidovalarga Fargʻona shahridagi Ekoshahar hududidan xonadon ajratish sertifikatlari taqdim etildi.

    Mamlakatimiz tarixida ilk bor kamondan otish boʻyicha Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan kamondan oʻq otish boʻyicha Osiyo kubogi sohibasi Ziyodaxon Abdusattorova, Xitoyning Xanchjou shahrida boʻlib oʻtgan IV Para Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan hamda Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi sohiblariga aylangan Mohigul Hamdamova, Yorqinbek Odilov, Dilafruz Ahmadjonova, Azizbek Abdulhabibovlarga 50 million soʻmdan, IV Para Osiyo oʻyinlari chempionlari Irodaxon Rustamova va Shahinaxon Yigitaliyevalarga 40 million soʻmdan pul mukofoti topshirildi.

    Sportning turli yoʻnalishlarida joriy yilda boʻlib oʻtgan Osiyo va jahon chempionatlarida, IV Para Osiyo oʻyinlarida sovrindorlar qatoridan oʻrin olgan qator sportchilar 10 million soʻmdan 20 million soʻmgacha miqdorda pul mukofotlariga ega boʻldilar.