3 ta korxona ishga tushirilib, 12 tasining qurilishi boshlandi

    Davlatimiz rahbarining Navoiy viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni xayrli voqea bilan boshlandi. Jamoatchilik vakillari ishtirokida yangi loyihalarga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi.

    Soʻnggi yillarda Navoiy viloyatida tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda. Birgina 2023-yilning oʻzida 101 trillion soʻmlikdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 648 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.

    Shuningdek, qariyb 478 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib, viloyat tashqi savdo aylanmasi qariyb 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Viloyatda 300 dan ortiq chet el korxonalari ishlab turibdi. Endi ularning soni yanada koʻpayadi.

    Marosimda 15 ta loyiha haqida eʼlon qilindi.

    Jumladan, Konimex tumanida yonuvchi slaneslarni qazib olish va qayta ishlashning birinchi bosqichi, Karmana tumanida 300 megavatt quyosh foto elektr stansiyasi va 75 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi, Navoiy shahrida texnik gaz ishlab chiqarish, Gʻozg‘on shahrida marmar va Zarafshon shahrida granit toshlarni qayta ishlash, Uchquduq tumanida kaolin qazib olish va boyitish, Xatirchi tumanida baliq ozuqasi tayyorlash loyihalari qurilishi boshlandi.

    Karmana tumanida kaliy sulfat va sulfat kislotasi, Navoiy shahrida paxta sellyulozasi, Nurota tumanida granit toshlarni qayta ishlash korxonalari ishga tushirildi.

    Mazkur 15 ta loyihaning umimiy qiymati 3 milliard 600 million dollar. Ularning natijasida 7 mingdan ortiq ish oʻrni paydo boʻladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.