3 ta shaharga bolalar va yoshlarga oid loyihalar amalga oshirilishi uchun 30 ming dollar berildi

    Xalqaro hamkorlik 22 Fevral 2023 908

    3 mingta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlar. Bu raqamlar UNICEF bolalar jamgʻarmasining global tashabbusi amalga oshirilgan hududlar hamda unga qamrab olinganlar sonidir.

    Ilk bor 1996-yilda ilgari surilgan ushbu «Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar» tashabbusiga 2021-yilda Oʻzbekiston ham rasman qoʻshilgan...

    Tashabbus Oʻzbekistonda «Bolalar va yoshlar uchun mahalliy boshqaruv» nomi bilan «Yuksalish» umummilliy harakati, UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilyapti. Unga 6 ta hudud – Asaka (Andijon viloyati), Qoʻqon (Fargʻona viloyati), Termiz (Surxondaryo viloyati), Zarafshon (Navoiy viloyati), Yangibozor (Xorazm viloyati) va Boʻston (Ellikqalʼa tumani Qoraqalpogʻiston Respublikasi) shaharlari tanlab olingan.

    2022 yil davomida hamkor tashkilotlar tomonidan mahalliy hokimlik organlariga bolalar va yoshlarning sharoitini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda qarorlar qabul qilish jarayoniga yoshlarni jalb etish boʻyicha uslubiy va texnik yordam koʻrsatildi. Jumladan, xalqaro ekspertlar mahalliy hokimlik vakillariga natijaga yoʻnaltirilgan rejalar tuzish koʻnikmalarini oʻrgatdi. Shuningdek, «Yosh maslahatchilar» kengashlari tuzilib, 10 mingga yaqin bolalar va yoshlar onlayn va offlayn tarzda maslahatlashuvlar orqali hokimliklarning ish rejalarini tuzish jarayoniga jalb etildi. Bu jarayonda «Hokim va yoshlar» uchrashuvlari muhim oʻrin tutdi, unda rahbarlar va yoshlar oʻz shahridagi bolalar va yoshlar bilan bogʻliq ijtimoiy masalalarni muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.

    Joriy yil 21-fevralda Toshkent shahrida har bir nomzod shaharning 2023-yilga moʻljallangan yoshlarga oid Harakatlar rejasi taqdimoti oʻtkazildi. Hokimlar «Yosh maslahatchilar» kengashi vakillari bilan birgalikda oʻz ish rejalari, aynan bolalar va yoshlarning takliflari bilan tanishtirdi. Shundan soʻng, Harakatlar rejasi tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan baholandi va bunda Boʻston, Yangibozor va Qoʻqon shaharlari gʻolib, deb topildi. Gʻolib shaharlarga oʻz hududidagi bolalar va yoshlarning farovonligini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishi uchun 30 ming dollar miqdorida qoʻshimcha mablagʻ taqdim etildi. Zarafshon, Termiz va Asaka shaharlari esa ragʻbatlantirildi.

    «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.