Unda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruv raisi, jurnalist Sherzodxon Qudratxoʻja ham ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev barcha qatnashchilarni media sohasida muhim ahamiyatga ega “Shusha global media forumi”ning navbatdagi yigʻilishi bilan qutladi.
Nufuzli xalqaro anjumanda 50 ta davlatdan 150 dan ortiq xorijiy mehmonlar, 30 ta mamlakatdan axborot agentliklari, 3 ta xalqaro tashkilot hamda 82 ta mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositasi vakillari qatnashmoqda.
«Oʻzbekiston nomidan Media-forumda Milliy media birlashmasi Boshqaruv raisi sifatida shaxsan ishtirok etdim va Prezident Ilhom Aliyevga savol yoʻlladim. Qayd etish joizki, oʻtgan yili soʻzga chiqish imkoni boʻlmagan edi«, deya xabar beradi Sherzodxon Qudratxoʻja oʻzining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida.
Sherzodxon Qudratxoʻja forum davomida Ozarbayjon Prezidentiga bir necha savollar berdi. Jumladan,
- Abu-Dabida Ozarbayjon Prezidentining Armaniston rahbari Nikol Pashinyan bilan uchrashuvi,
- Toʻrkiy dunyo uchun Zangezur koridorining istiqbollari,
- Hatto shaxsiy mazmundagi savol — “Bugungi Qorabogʻni koʻrganida, birinchi Prezident Heydar Aliyev oʻgʻliga nima derdi?” degan savolni yoʻlladi.
Bu savollarga javob berar ekan, Ilhom Aliyev quyidagilarni taʼkidladi:
“Oʻzbek birodarlarimizning qoʻllovi biz uchun juda muhim. Qorabogʻni tiklash yoʻlidagi ilk sovgʻani Oʻzbekiston bergan. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Fuzuliyda 960 oʻquvchiga moslashgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab ochgandik”, – dedi Aliyev savolga javob berarkan.
Shuningdek, Sherzodxon Qudratxoʻja Zangezur koridori haqida soʻradi.
“Bu arteriya nafaqat Ozarbayjonning asosiy qismi bilan Naxichevon avtonom respublikasini bogʻlaydi. Bu — xalqaro tranzit koridori. Biz bu loyiha orqali «Shimol–Janub” yoʻnalishining yana bir tarmogʻini ochamiz…»
Uning soʻzlariga koʻra, koridorning dastlabki yuk tashish salohiyati 15 million tonna deb baholanmoqda. Hozirda Ozarbayjon tomonidan Armaniston va Eron chegarasigacha temir yoʻl qurilishi deyarli yakunlanmoqda.
Otasi haqida savolga esa Aliyev taʼsirlanib javob berdi.
“Vatanimiz uchun qiyin damlarda xalqimizning baxtiga Haydar Aliyevdek odam bor edi. U oʻsha vaqt yosh emas, 70 ga kirgandi, salomatligida ham muammolar bor edi. Lekin u vaziyatni iziga tushira oldi. Otam Qorabogʻ ozod qilinishini eng koʻp istagan odam edi, lekin, afsus, bu kunlarni koʻra olmadi”, – dedi Ilhom Aliyev.
Maʼlumot uchun, forum doirasida uch kun davomida quyidagi yoʻnalishlarda panel sessiyalar tashkil etiladi:
- Taʼsirni baholash: keng koʻlamli dezinformatsiyani tushunish;
- Barqaror jamiyat qurishda dezinformatsiyalarga qarshi siyosat va tashabbuslar;
- “Texnologiya va dezinformatsiya”;
- Sunʼiy intellekt: reallik, ommaviy axborot vositalari va dezinformatsiyaga taʼsiri — media savodxonlikni oshirish masalalari;
- Mintaqaviy taʼsir va OAV mavzulari yuzasidan keng muhokamalar.








