30-iyul - 7-avgust kunlari yurtimizda “Doʻstlik” festivali doirasida turli tadbirlar boʻlib oʻtadi

    Mamlakatimizda 30 Iyul 2022 3113

    Bugun AOKAda 30-iyul — “Xalqlar doʻstligi kuni” munosabati bilan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonov va mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.

    30-iyul – 7-avgust kunlari “Doʻstlik” festivali doirasida yurtimizda turli madaniy, maʼnaviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.

    Xususan, 31-iyul – 3-avgust kunlari mamlakatimizning barcha hududlari boʻylab bayram sayllari, konsert dasturlari tashkil qilinishi belgilangan.

    4-avgust kuni poytaxtimizdagi “Cinema Palace” kino saroyida “Doʻstlik” videoroliklar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash tadbiri oʻtkaziladi.

    5-avgust kuni poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni taʼminlash” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilinadi.

    Konferensiya shoʻbalari:

    1-shoʻba. “Markaziy Osiyo davlatlarida etnomadaniy aloqalar: doʻstlik va barqarorlik garovi”

    2-shoʻba. “Vatandoshlar jamoat birlashmalari bilan ishlashda Markaziy Osiyo davlatlarining tajribasi”

    3-shoʻba. “Etnoturizm va etnosport: xorij tajribasi va rivojlanish istiqbollari”.

    6-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni bilan vazirlik, idora vakillari, milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari va xorijlik hamkorlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

    Shu kuni poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlarining asarlari koʻrgazmasi oʻtkaziladi.

    Shu kunning oʻzida “Xalqlar doʻstligi” maydonida “Doʻstlik ohanglari” nomi ostida taniqli estrada, opera sanʼati ustalari va Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri joʻrligidagi katta gala-konsert hamda “Doʻstlik fashion” milliy anʼanaviy kostyumlar va zamonaviy liboslar defilesi oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

    6-7-avgust kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobon va saylgohlari turli millat vakillari ishtirokida “Xalqlar doʻstligi” konsert dasturlari namoyishi boʻlib oʻtadi.

    Festival doirasidagi tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga, shuningdek, jahonda samimiy doʻstlik gʻoyalarini targʻib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi.

    Qayd etish joiz, doʻstlik festivalida xalqaro tashkilotlar vakillari, chet el siyosatchilari, ekspertlarning ishtiroki koʻzda tutilgan. Xususan, YEXHTning Milliy ozchiliklar masalalari boʻyicha oliy komissari Kayrat Abdraxmanov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.

    28-iyul kuni martabali mehmonning Andijon va Fargʻona viloyatlaridagi milliy madaniy markazlar (tojik, slavyan, qirgʻiz) bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi hamda Fargʻona shahrida yangi ochilgan “doʻstlik uyi” faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.

    29-iyul kuni Kayrat Abdraxmanov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyati bilan tanishdi.