Xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan bunday islohotlar bugun yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi. Davlat xizmatlari markazlari esa xalq va davlat idoralari oʻrtasida mustahkam koʻprik vazifasini bajarmoqda.

Ayni paytda 200 dan ziyod Davlat xizmatlari markazlari yurtimiz aholisiga qulay va shaffof xizmat koʻrsatib kelmoqda. Davlat xizmatlari turlari avval 37 ta boʻlsa, hozirga kelib ularning soni 157 taga yetkazildi.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida davlat xizmatlaridan foydalangan fuqarolar soni 30 milliondan oshdi. Bekobod shahar “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Ravil Tinchurin davlat xizmatlarini olishdi 30 millioninchi mijoz boʻldi. Ravil akaga Bekobod shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan ish haqi miqdori va ish stajini hisoblash toʻgʻrisidagi arxiv maʼlumotini olish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, BMTning Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi hamkorligida Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ilgʻor natijalarga erishgan soha mutaxassislari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida “Mustaqil Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan uch avlod uchrashuvida Ravil Tinchurin “30 millioninchi mijoz” sifatida tantanali ravishda taqdirlandi, deya xabar beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.