Fargʻona viloyati Yozyovon tumanidagi Navroʻz MFY “Ochiq byudjet” axborot portalida “Mening yoʻlim” loyihasi doirasida umumiy uzunligi 2,5 kilometr ichki yoʻllarni asfaltlash uchun ovoz toʻplash jarayonida gʻolib boʻldi. Bu maqsadlar uchun 1,19 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Ayni kunda yoʻlsozlar tomonidan mahalladagi yoʻllarni shagʻallashtirish, asfaltlash bilan bogʻliq amaliy ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
– Mahallamizdagi ichki yoʻllar 30 yildan buyon yozda chang, qishda loy boʻlib turfa qiyinchiliklar kelib chiqishiga sabab boʻlardi, – deydi MFY raisi Mansurjon Inomov. – Prezidentimizning byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qarorlari ayni muddao boʻldi. Koʻchalarimizni asfaltlash borasida bildirgan taklifimiz gʻolib boʻlib, bu boradagi muammolarimiz barham topdi.