Ushbu Qonun bilan bojxona xizmatidagi ayrim jarayonlarga yangilik va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Qayd etilganidek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhining (FATF) tavsiyasiga asosan naqd valyutani chegara punktlari orqali kirib kelishini nazorat etish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan.

Shu bois, qonun oʻz vakolatlari doirasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish vazifasi bilan toʻldirilmoqda.

Shu bilan birga, qonun bojxona auditini amalga oshirish va hujjatlarni tekshirish, Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida oʻttiz yoshdan oshgan fuqarolarni bojxona organlarining ixtisoslashtirilgan tarkibiy tuzilmalariga xizmatga qabul qilish mumkinligini belgilovchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

Bundan tashqari, qonunchilikda mavjud nomuvofiqliklar va noaniqliklar sababli amaliyotda uchrayotgan muammoli holatlarni bartaraf etish maqsadida bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Hujjat qabul qilinishi qonun ustuvorligini taʼminlashga, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga, fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga, shuningdek amaliyotda uchrayotgan muammoli holatlarni keltirib chiqarayotgan nomuvofiqliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senti matbuot xizmati.