300 ga yaqin o'zbek kinochilari Prezidentga minnatdorchilik maktubini yo'llashdi

    Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

    Kino sohasidagi uzoq yillik muammolarga yechim sifatida xizmat qiladigan ushbu farmon va qaror yuzasidan Oʻzbekfilm studiyasida kinoijodkorlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari ishtirokida kino-forum boʻlib oʻtdi. Forum davomida kino sohasidagi tub islohotlar, farmon va qarorning mazmuni hamda mohiyati mutaxassislar tomonidan ochib berildi. Shuningdek, mazkur tarixiy hujjatlar ayni paytida qabul qilingani uchun oʻzbek kinoijodkorlari davlat rahbariga minnatdorchilik xatini yoʻllashdi.

    Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar mazkur farmonga koʻra gonorarlar tizimidagi oʻzgarishlar, byurokratik toʻsiqlarga qarshi belgilangan choralar, ijodkorlar uchun ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etilayotgani, moddiy texnik baza kuchaytirilayotgani, kinosanoatini jonlantirishda berilayotgan imtiyozlar borasida toʻlqinlanib soʻzladilar. Shuningdek, ushbu farmon va qaror nafaqat kelajakka ishonch taqdim etayotgani, balki ijodkorlarga ulkan masʼuliyat yuklayotganini ham taʼkidlashdi.

    Forumdan soʻng barcha qatnashchilar bayram dasturxoniga taklif qilindi.